Sotsiolingvistika atamalarining izohli lug'ati
09-10-2026

Oʻzbek tilshunosligida sotsiolingvistik mazmundagi izlanishlar oʻtgan asrning 50-yillaridan keyin paydo boʻlganligini e’tirof etish joiz. Til va jamiyat, jamiyatning tilga ta’siri, adabiy tilni me’yorlashtirishda til jamoassining lisoniy ehtiyojlarini hisobga olish kabi mavzulardagi maqola yoki monografik ishlar, sotsiolingvistika nomi ostida boʻlmasa-da, dunyo yuzini koʻrgan. 2000-yillarga kelib esa sotsiolingvistika nomi ostida tadqiqotlar maydonga kela boshladi va hozirgi kunga kelib ancha-muncha dissertatsiyalar, monografiyalar hamda maqolalar yozildi. Ammo sotsiolingvistika atamalarining lugʻati tuzilmagan, oʻzbek tili boʻyicha tadqiqotlarda boshqa tillardagi lugʻatlardan imkon qadar foydalanilar edi. Oliy oʻquv yurtlarining filologiya fakultetlari dasturiga sotsiolingvistika fanining kiritilgandan keyin esa talabalar va oʻqituvchilarda sotsiolingvistika atamalari izohlangan manbaga ehtiyoj yanada oshdi.

“Sotsiolingvistika atamalarining izohli lugʻati” ana shu hayotiy ehtiyojni hisobgan olgan holda hamda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini amalga oshirishga oid ustuvor vazifalardan kelib chiqib tayyorlandi. Mazkur lugʻat oʻzbek lugʻatchiligida sohaga oid ilk leksikografik ishdir. Lugʻatni tuzishdan oldin sotsiolingvistikaga oid tadqiqotlar oʻrganildi, lingvistik terminlar lugʻatlari koʻrib chiqildi va imkon qadar mavjud lugʻatlardagi ijobiy natijalardan foydalanildi.  Unda oʻzbek va dunyo sotsiolingvistikasida foydalanilayotgan atamalarni qamrab olishga harakat qilindi.

“Sotsiolingvistika atamalarining izohli lugʻati”da 900 ga yaqin atama izohlangan. Lugʻat soʻzligini shakllantirishda atamalarning imkon qadar oʻzbekcha boʻlishiga e’tibor berildi, faqat oʻzbekcha muqobili topilmaganda yoki muqobil atama sotsiolingvistik tushunchaning ma’nosini ifodalay olmagandagina xorijiy atamaning oʻzi berildi. Bunday yoʻl tutishdan imkon qadar oʻz soʻzlarimizni atama sifatida qoʻllash mumkinligini bildirish, sotsiolingvistik tadqiqotlarda oʻzbekcha atamalarni qoʻllanishiga imkon berish maqsad qilindi.

Ushbu lugʻat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi PF-6084-sonli “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va unga ilova qilingan “2020 – 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi 139-sonli “O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar doirasida Oʻz FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida bajarildi. Lugʻat sotsiolingvistik tadqiqotlarda faol qoʻllanib kelayotgan 900 ga yaqin atamani qamrab olgan. Lugʻatga kirgan atamalar tilshunoslikka oid lugʻatlar, tadqiqotlar hamda internet nashrlaridagi ishonchli manbalarga tayangan holda tuzilgan.

“Sotsiolingvistika atamalarining izohli lugʻati” tilshunoslar, doktorant va mustaqil tadqiqotchilar, pedagog-o‘qituvchilar, filologiya fakultetining bakalavriat va magistratura talabalari, umuman, sotsiolingvistika bilan qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan.

Top